Kuni kecha Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida yurtimizda faoliyat yuritayotgan, dori vositalarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar vakillari uchun profilaktik tadbir tashkil etildi.
Unda markazning ma'sul xodimlari hamda 50 ga yaqin mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari onlayn va offlayn formatda ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, hozirgi kunda yurtimizda dori vositalarini ishlab chiqarish faoliyat bilan shug’ullanuvchi 83 ta korxona mavjud bo’lib, ulardan 41 tasi o’z faoliyatiga “GMP” - Zarur ishlab chiqarish amaliyoti talablarini joriy qilgan.
Uchrashuvda GMP sertifikatini olmagan korxonalar vakillari ma’sullar tomonidan ogohlantirilib, ular o’z faoliyatini zudlik bilan ushbu amaliyot talablariga muvofiqlashtishi hamda bu boradagi ishlarni jaddalashtirishi yuzasidan tushuntirish berildi.
Mazkur standart talablarini joriy qilmaslik bugungi kunda litsenziya talabining buzilish holati deb baholanishi ta’kidlanib, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-yanvardagi tegishli farmoni bilan Litsenziyalovchi organ vakolatlari kengaytirilganligi hamda bu yo’nalishda xavfni tahlil qilish tizimi joriy qilinganligi tadbir qatnashchilariga ma’lum qilindi.
Endilikda ishlab chiqarish faoliyatiga “GMP” sertifikatini joriy qilmagan litsenziyatlar ushbu tizimga kiritilib, ularga nisbatan nazoratchi organ tomonidan ta’sir choralari ko’riladi.
Uchrashuv yakunida, tadbirkorlarni takliflari tinglanib, ulanri qiziqtirgan savollar yuzasidan atroflicha javoblar berildi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati